Abstract
Zamonaviy mashinasozlik sanoatida yuqori aniqlik va unumdorlikni ta’minlash uchun raqamli boshqaruvli dastgohlar (CNC – Computer Numerical Control) keng qo‘llanilmoqda. Ayniqsa, avtomobilsozlik va og‘ir mashinasozlikda ishlatiladigan tormoz tizimi elementlari, jumladan, tormoz korpusi qismlariga ishlov berishda yuqori aniqlik va sirt sifati talab etiladi. Tormoz korpusi - bu murakkab geometrik shaklga ega bo‘lgan detal bo‘lib, u yuqori yuklamalar ostida ishlaydi. Ushbu detalning ishlab chiqarilishidagi aniqlik va sifat butun tormoz tizimining samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli RDB dastgohlarda tormoz korpusi qismlariga ishlov berish samaradorligini oshirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi [1, p.130]. So‘nggi yillarda ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, ishlov berish vaqtini qisqartirish va energiya sarfini kamaytirish masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. RDB dastgohlar bu borada katta imkoniyatlarga ega bo‘lib, ular yuqori aniqlik, avtomatlashtirish va takrorlanuvchanlikni ta’minlaydi [2, p.90]. RDB dastgohlar dastur asosida ishlaydigan avtomatlashtirilgan tizimlar bo‘lib, ular kesish jarayonini aniq boshqarish imkonini beradi. Bunday dastgohlarda ishlov berish jarayoni oldindan tuzilgan G-kod dasturi asosida amalga oshiriladi. RDB dastgohlarning asosiy afzalliklari quyidagilardan iborat: yuqori aniqlik va takrorlanuvchanlik, inson omilining kamayishi, murakkab shaklli detallarni ishlab chiqarish imkoniyati, ishlab chiqarish samaradorligining oshishi [3, p.260].