Abstract
Mazkur maqolada Toshkent shahridagi masjidlar arxitekturasida avtoturargohlar bilan bog‘liq infratuzilma muammolari, ularning shahar transport tizimiga ta’siri hamda zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida ushbu muammoni bartaraf etish yo‘llari tahlil qilinadi. So‘nggi yillarda poytaxt aholisi sonining ortishi, avtomobillashuv darajasining yuqorilashi va jome masjidlarida juma hamda hayit namozlari vaqtida tashrif buyuruvchilar oqimining keskin ko‘payishi mavjud avtoturargohlar sig‘imining yetarli emasligini yaqqol namoyon etmoqda. Natijada masjidlar atrofidagi ko‘chalarda transport tirbandliklari, piyodalar harakati xavfsizligining pasayishi, ekologik yuklamaning ortishi va shahar transport tizimining samaradorligiga salbiy ta’sir kuzatilmoqda. Tadqiqot davomida Toshkent shahridagi ayrim masjidlarning hududiy-rejaviy tuzilishi, yer maydonidan foydalanish samaradorligi, transport oqimlari va avtoturargohlarni joylashtirish tamoyillari o‘rganildi. Shuningdek, xorijiy tajriba hamda zamonaviy urbanistika yondashuvlari asosida ko‘p qavatli avtoturargohlar, yerosti avtoturargohlari, aqlli parking tizimlari va jamoat transporti bilan integratsiyalashgan yechimlarning afzalliklari tahlil qilindi. Tadqiqot natijalari masjidlarni loyihalash va rekonstruksiya qilish jarayonida transport infratuzilmasini me’moriy yechimlarning ajralmas qismi sifatida ko‘rib chiqish zarurligini asoslaydi. Mazkur ilmiy ish natijalari shaharsozlik, me’morchilik va transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishda foydalanilishi mumkin.