Abstract
Mazkur maqolada o‘zbek realistik adabiyotining asoschisi Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romanida muallif va qahramon nutqining badiiy-funksional xususiyatlari tahlil qilinadi. Asarda muallif nutqi faqat syujetni bayon qilish bilan cheklanmay, balki yozuvchining ijtimoiy pozitsiyasi, axloqiy-estetik qarashlari va tanqidiy munosabatini ifodalovchi kuchli badiiy vosita sifatida namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, diniy mutaassiblik va ma’rifatsizlik masalalari muallif nutqi orqali keskin tanqid ostiga olinadi. Shu bilan birga, qahramonlarning o‘zaro muloqotlari, ichki monologlari va so‘z ohanglari orqali ularning ijtimoiy-ma’naviy qiyofasi, tafakkur darajasi va xarakteri ochib beriladi. Muallif va qahramon nutqining uyg‘unligi badiiy obrazlar tizimining mukammalligini ta’minlab, asarning g‘oyaviy yukini kuchaytiradi. Tadqiqot davomida nutqiy struktura, stilistik vositalar, personajlar psixologiyasi va mualliflik bahosining o‘zaro bog‘liqligi ilmiy asosda yoritiladi. Ushbu maqola adabiy-nazariy jihatdan mualliflik pozitsiyasi va personajlar orqali badiiy maqsadni anglashga qaratilgan.