Abstract
Ushbu maqolada surdo-taekvondo sportchilarining texnik tayyorgarligini takomillashtirish vositalari, usullari va pedagogik shart-sharoitlari ilmiy-metodik jihatdan tahlil qilinadi. Surdo-taekvondo bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning eshitish imkoniyatlari cheklanganligi mashg‘ulot jarayonida axborotni qabul qilish, murabbiy ko‘rsatmalarini anglash, harakatlarni tezkor muvofiqlashtirish va texnik harakatlarni takrorlash jarayoniga o‘ziga xos talablar qo‘yadi. Shu sababli mashg‘ulotlarda vizual ko‘rsatmalar, imo-ishora va oldindan belgilangan signallar, videomateriallar, individual topshiriqlar hamda takroriy mashqlar tizimidan samarali foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Tadqiqotda sportchilarning zarba berish, himoyalanish, harakatlanish, masofani saqlash, muvozanat va koordinatsiya ko‘rsatkichlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan vositalarning pedagogik imkoniyatlari yoritilgan. Shuningdek, texnik tayyorgarlikni bosqichma-bosqich tashkil etish, individual yondashuvni kuchaytirish va vizual qayta aloqa asosida mashg‘ulot samaradorligini oshirish masalalari ko‘rib chiqilgan. Mazkur yondashuvlar surdo-taekvondo sportchilarining texnik harakatlarni aniq, tezkor va barqaror bajarish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.