Abstract
Mashinasozlik sanoatida metall materiallarga mexanik ishlov berish jarayonlari orasida parmalash operatsiyasi alohida o‘rin egallaydi. Ushbu jarayon yordamida turli shakl va o‘lchamdagi teshiklar hosil qilinadi hamda detallarni yig‘ish, mahkamlash va boshqa texnologik operatsiyalar uchun zarur sharoit yaratiladi. Ayniqsa, kichik qalinlikdagi metall listlar va yupqa devorli detallarni parmalash zamonaviy sanoatning ko‘plab tarmoqlarida keng qo‘llaniladi. Biroq yupqa qalinlikdagi materiallarni parmalash jarayoni an’anaviy massiv detallarni ishlov berishdan sezilarli darajada farq qiladi. Bu jarayonda detalning elastik deformatsiyaga uchrashi, teshik chiqish qismida burr hosil bo‘lishi, teshik aniqligining pasayishi kabi muammolar yuzaga keladi. Ayniqsa, o‘q bo‘ylab ta’sir etuvchi kesish kuchining ortishi yupqa detallar uchun jiddiy texnologik muammo hisoblanadi, chunki bu detalning egilishiga va ishlov sifatining yomonlashishiga olib keladi [1]. Mazkur muammolarni hal etish uchun turli xil kesuvchi asbob konstruktsiyalari ishlab chiqilgan. Ulardan eng keng tarqalganlari spiral parma, pog‘onali parma va maxsus modifikatsiyalangan parmalardir. Ushbu tezisda mazkur uch xil parma konstruktsiyasining yupqa qalinlikdagi materiallarni parmalash jarayoniga ta’siri taqqoslab tahlil qilinadi.