Mexanika muhandisligi ta’lim dasturlarini isloh qilishda tizimli benchmarking yondashuvi

Abstract

Hozirgi kunda muhandislik ta’lim tizimi doimiy ravishda rivojlanib, zamonaviy sanoat talablariga moslashib bormoqda. Ayniqsa, mexanika muhandisligi yo‘nalishida o‘quv dasturlarini takomillashtirish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. An’anaviy tarzda o‘quv dasturlariga kiritiladigan o‘zgarishlar ko‘pincha kichik ko‘lamda amalga oshiriladi, ya’ni alohida fanlarni qo‘shish yoki ayrim kurslarni yangilash bilan cheklanadi. Biroq bunday yondashuv uzoq muddatda tizimli muammolarga, jumladan, o‘quv yuklamasining ortib ketishi yoki muhim yo‘nalishlarning yetarli darajada qamrab olinmasligiga olib kelishi mumkin. Shu sababli o‘quv dasturlarini kompleks tarzda, ya’ni butun tizim sifatida tahlil qilish zarurati yuzaga keladi. Mazkur muammo yechimi sifatida benchmarking — ya’ni boshqa yetakchi universitetlarning o‘quv dasturlari bilan taqqoslash usuli taklif etiladi. Benchmarking usuli oliy ta’lim dasturlarini takomillashtirishda samarali vosita bo‘lib, u turli universitetlar o‘quv rejalari o‘rtasidagi farqlarni tizimli ravishda aniqlash, kuchli va zaif tomonlarni baholash hamda o‘quv yuklamasi va fanlar taqsimotini optimallashtirish imkonini beradi. Mualliflarning fikricha, ayniqsa muhandislik ta’limida kreditlar taqsimotining muvozanati va dastur moslashuvchanligini oshirish benchmarking orqali asosli ravishda shakllantiriladi [1]. So‘nggi yillarda muhandislik ta’limida bir qator muhim tendensiyalar kuzatilmoqda. Jumladan, nazariy bilimlardan tashqari amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish, loyiha asosida o‘qitish (design/build/test), hamda o‘quv dasturlarining moslashuvchanligini oshirish asosiy yo‘nalishlarga aylangan. Bu esa o‘quv dasturlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni zamonaviy talablar asosida shakllantirish zaruratini yanada kuchaytiradi.

PDF